22 августа 2015 г.

Prezidentlar qanday smartfondan foydalanadi?

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan olib borilgan global kuzatuv ko‘plab davlat arboblarining mobil gadjetlarga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. “Gazeta.ru” tomonidan tayyorlangan quyidagi maqolada jahon davlatlari yetakchilari qanday smartfonlardan foydalanishi haqida ma’lumot olishingiz mumkin.
Foto: gazeta.ru
Foto: gazeta.ru
BlackBerry
2013-yili Germaniya kansleri Angela Merkelning smartfoniga buzib kirilgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng, uning ma’muriyati o‘z iPhone’larini tizimli ravishda BlackBerry’ning Z10s modeliga almashtirdi. Germaniya hukumati tomonidan bir donasining narxi 2,5 ming yevro bo‘lgan 5 mingta BlackBerry Z10s sotib olindi — ularning bari 256 bitli shifrlash va xabarlarni xavfsiz uzatish funksiyasi, shuningdek, qo‘shimcha himoya vositalariga ega maxsus micro-SD karta bilan ta’minlangan edi.
BlackBerry Z10s — Germaniya hukumati smartfoni. Foto: gazeta.ru
BlackBerry Z10s — Germaniya hukumati smartfoni. Foto: gazeta.ru
Biroq Merkelning o‘zi to‘liq ko‘rinishdagi QWERTY-klaviaturaga ega BlackBerry Q10 modelini tanladi. Mazkur smartfon ham yaxshi himoyalangan va axborotlarni maxsus ichki VPN-ulanish orqali uzatadi.
BlackBerry Q10‘dan Merkel va Obama foydalanadi. Foto: gazeta.ru
BlackBerry Q10’dan Merkel va Obama foydalanadi. Foto: gazeta.ru
Barak Obama smartfondan foydalanish uchun Maxsus xizmatlar ruxsatnomasini olgan ilk AQSh prezidenti hisoblanadi va u ham BlackBerry’ni tanlagan. Obama ikkita — BlackBerry Curve 8900 va BlackBerry Q10 smartfonlaridan foydalanadi, ayni vaqtda unga iPhone’dan foydalanish qat’iy taqiqlangan. Shunga qaramay, AQSh prezidenti Apple mahsulotlari ixlosmandidir, uning iPad plansheti va MacBook noutbuki bor.
Navaz Sharif ham BlackBerry’dan foydalanishni ma’qul ko‘radi. Foto: gazeta.ru
Navaz Sharif ham BlackBerry’dan foydalanishni ma’qul ko‘radi. Foto: gazeta.ru
Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron va uning pokistonlik hamkasbi Navaz Sharif ham BlackBerry’dan foydalanishni ma’qul ko‘radi.
Mahalliy mahsulotni qo‘llab-quvvatlovchilar
Edvard Snouden AQSh maxsus xizmatlari Fransiya prezidentlari Jak Shirak, Nikolya Sarkozi va Fransua Ollandning telefon suhbatlarini tinglab borgani haqidagi axborotni oshkor qilganidan so‘ng, Fransiya hukumati mudofaa sohasida ishlovchi Thales kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Teorem — yuqori darajada himoyalangan, harbiy kriptografiyali mobil telefonlaridan 14 ming dona sotib oldi. Mazkur telefonlardan muhim hukumat qo‘ng‘iroqlaridan foydalanadi, odatiy hayotida esa Fransua Olland iPhone 5s ishlatadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, o‘zining tan olishicha, smartfonlardan foydalanmaydi, biroq u har doim mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 2012-yili Putin omma oldida MTSning “Glonass 945” Android-smartfoni bilan paydo bo‘lgandi, 2014-yil oxirida esa prezidentga YotaPhone 2 taqdim etildi, u esa bu qurilmani Xitoy rahbari Si Szinpinga sovg‘a qilgandi.
Szinpinning o‘zi qanday smartfondan foydalanishi ma’lum emas, biroq uning turmush o‘rtog‘i omma oldida iPhone 5 smartfoni bilan chiqish qilgan.
Dmitriy Medvedev va uning gadjetlari
Rossiyaning texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha eng ilg‘or siyosiy arbobi hisoblangan Dmitriy Medvedev iPhone 4’ni bevosita Stiv Jobsning qo‘lidan qabul qilib olgan, 2011-yildan beri iPad’dan foydalanadi. Rossiya bosh vaziri keyinchalik Samsung Galaxy S4 va iPhone 5 ishlatdi. Hozir esa u iPhone 6’dan foydalanadi. Shuningdek, u Apple Watch soatlari bilan omma oldiga chiqish qilgan dastlabki mashhur shaxslardan biri bo‘lgandi.
Dmitriy Medvedevning iPhone 6’da olgan yangi selfilaridan biri. Foto: gazeta.ru
Dmitriy Medvedevning iPhone 6’da olgan yangi selfilaridan biri. Foto: gazeta.ru
E’tiborli tomoni, Rossiya maxsus xizmatlari mamlakat amaldorlariga Apple mahsulotlaridan foydalanishni tavsiya etmaydi, chunki bu qurilmalar rossiyaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini Rossiya hududida saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq emas.
HTC va Lumia
Aksariyat odamlar “Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In umuman mobil telefonlardan foydalanmasa kerak”, degan gumonga ham borgan bo‘lishi mumkin. Biroq suratlarning birida KXDR rahbari oldida qora, ko‘p jihatdan HTC’ni yodga soladigan smartfon turganini ko‘rish mumkin. Aftidan, Tayvan kompaniyasi mahsulotlaridan foydalanish Koreya Mehnat partiyasi yetakchisining e’tiqodiga zid kelmaydi.
Kim Chen In HTC’ni tanlaydi. Foto: gazeta.ru
Kim Chen In HTC’ni tanlaydi. Foto: gazeta.ru
Jahon yetakchilari ma’qul ko‘radigan smartfonlar orasida Nokia/Microsoft mahsulotlari ham bor. Xususan, Rim papasi Fransisk katta diniy marosimlarni Lumia 900 smartfoni yordamida suratga tushirgan.
Rim papasi Fransisk Lumia 900’da surat olishga uyalmaydi. Foto: gazeta.ru
Rim papasi Fransisk Lumia 900’da surat olishga uyalmaydi. Foto: gazeta.ru
Tailandning 28-bosh vaziri va ushbu lavozimni egallagan ilk ayol hisoblangan Yinglak Chinnavat esa bir vaqtning o‘zida beshta smartfondan foydalanardi, ulardan biri Lumia 920 qurilmasi edi.

Manba: Daryo.uz